Filologik komparativistika va tarjimashunoslik masalalari
2025-yil 12-noyabr kuni “Filologik komparativistika va tarjimashunoslik masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman zamonaviy filologik tafakkurning metodologik o‘zgarishlari, qiyosiy yondashuvlarning yangi ilmiy paradigmalarini belgilash hamda tarjimashunoslik va adabiyotshunoslikda kuzatilayotgan konseptual yangilanishlarni tahlil etishga bag‘ishlandi. Tadbir “Ipak yo‘li” ta’lim platformasi ko‘magida tashkil etildi.
Konferensiyaning yalpi majlisida filologiya fanining bugungi rivojlanish tendensiyalari, ayniqsa, komparativ yondashuvlar, kognitiv-semantik tahlil hamda madaniyatlararo muloqotning jadallashuvi natijasida ilmiy tadqiqotlar yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlandi. Tarjimashunoslik sohasida esa milliy estetik tafakkur, badiiy an’ana va sohalararo ilmiy yondashuvlar muhim nazariy yo‘nalishga aylanib borayotgani qayd etildi. Shuningdek, davlat tilining ilmiy va ijodiy jarayonlardagi o‘rni, tarjima faoliyatining milliy tafakkur va zamonaviy estetik mezonlar bilan o‘zaro aloqasi haqida ham fikr yuritildi.

Konferensiyada Misr, Germaniya, Italiya, Rossiya, Turkiya, Eron, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlardan ishtirok etgan olimlar o‘z ilmiy qarashlari va tadqiqot natijalari bilan o‘rtoqlashdi. Ma’ruzalar davomida badiiy tarjimaning bugungi rivojlanish tendensiyalari, Alisher Navoiy asarlarining turli tillarga tarjima qilinishi tajribalari, milliy madaniyat va identitetning tarjimada aks etishi, sun’iy intellekt vositalarining tarjima jarayonidagi imkoniyatlari, til tipologiyasi va madaniyatlararo uyg‘unlik kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Xorijiy va mahalliy tadqiqotchilarning chiqishlari komparativ lingvistika, tarjima poetikasi, semiotik tahlil, qiyosiy adabiyotshunoslik, kognitiv lingvistika hamda qiyosiy filologiya yo‘nalishlaridagi ilg‘or ilmiy izlanishlarni qamrab oldi. Ayniqsa, tarjima jarayonining neyrokognitiv asoslari, madaniyatlararo semantik parallelizm, poetik kodlarning millatlararo transformatsiyasi, tasavvufiy konseptlarning grammatik strukturalarda ifodalanishi hamda sun’iy intellekt texnologiyalarining matn tahlili va tarjima jarayonidagi imkoniyatlari alohida ilmiy qiziqish uyg‘otdi.

Anjuman o‘z faoliyatini to‘rtta sho‘ba doirasida davom ettirdi: “Tarjimashunoslik masalalari”, “Qiyosiy tilshunoslik masalalari”, “Qiyosiy adabiyotshunoslik masalalari” hamda “Komparativistika va metodika: til va adabiyot ta’limi tipologiyasi”. Sho‘ba majlislarida tarjimada ekvivalentlik va adekvatlikning zamonaviy talqinlari, frazeologik birliklarning aksiolingvistik xususiyatlari, gender semiotikasining tarjimadagi o‘rni, poetik intertekstualizmning komparativ modellari, shuningdek, raqamli filologiya hamda sun’iy intellekt asosidagi lingvodidaktik yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.
Konferensiya yakunida filologik komparativistika bugungi kunda interdisiplinar rivojlanish bosqichiga o‘tgani, uni tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik va metodika bilan uzviy bog‘lab o‘rganish zarurligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, tarjimashunoslikda adekvatlik va madaniyatlararo talqin tushunchalarini yangicha tadqiq etish, qiyosiy tilshunoslikda semantik parallelizm hamda kontekstual sintaksis modellariga asoslangan tahlil usullarini ishlab chiqish, qiyosiy adabiyotshunoslikda poetik intertekstualizm va komparativ narratologiyani uyg‘unlashtirgan yangi konseptual yondashuvlarni shakllantirish zarurligi qayd etildi. Filologik ta’lim jarayonida esa raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish, multimodal tahlil metodlarini qo‘llash hamda sun’iy intellekt asosidagi tarjima texnologiyalaridan foydalanish muhim vazifa sifatida belgilandi.

“Ipak yo‘li” ta’lim platformasi ko‘magida o‘tkazilgan mazkur xalqaro anjuman filologiya fanida yuz berayotgan metodologik yangilanishlar, nazariy uyg‘unlik va fanlararo izchillik jarayonlarini aks ettirdi. Shu bilan birga, u komparativ tafakkur, tarjimashunoslik va adabiy-nazariy tadqiqotlarning yangi bosqichini shakllantirishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy muloqot maydoni sifatida e’tirof etildi
